Namangan davlat texnika universiteti Mashinasozlik fakulteti 3-bosqich talabalari tomonidan Uzchasys MChJga “Kelajak sari ilk qadam” nomli tashrif tashkil etildi. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning oliy ta’lim muassasasida olgan nazariy bilimlarini amaliy ishlab chiqarish jarayoni bilan uzviy bog‘lash, ularni real ishlab chiqarish muhiti bilan yaqindan tanishtirish hamda kelajakdagi kasbiy faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan bilim, malaka va ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Tashrif jarayonida talabalar korxonada faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish tizimi, zamonaviy texnologik jarayonlar, texnika va uskunalarning ishlash prinsiplari, shuningdek, ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish jarayonlari bilan batafsil tanishtirildi. Korxona mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalari hamda mahsulot sifatini ta’minlash mexanizmlari yuzasidan keng qamrovli ma’lumotlar berildi. Talabalar tomonidan bildirilgan savollarga amaliy misollar asosida tushuntirishlar berildi.

Mazkur tashrif natijasida talabalar amaliy ishlab chiqarish jarayonlari bo‘yicha muhim tajribaga ega bo‘lib, o‘z kasbiy bilimlarini mustahkamlash, ishlab chiqarish muhitida yuzaga keladigan vaziyatlarni tahlil qilish hamda mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu tashrif talabalarning kelajakda raqobatbardosh va malakali mutaxassis sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
