Namangan davlat texnika universitetining dual ta’lim tizimi asosida tahsil olayotgan “Texnologik mashinalar va jihozlar” yo‘nalishining 3 va 4-bosqich talabalari Uzchasys MChJ korxonasiga amaliy tashrif buyurishdi. Mazkur tashrif dual ta’lim dasturi doirasida talabalar uchun nazariy bilimlarni real ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida tashkil etildi.

Tashrif davomida talabalar korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologik uskunalar va ularning ishlash prinsiplari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Korxona mutaxassislari tomonidan talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar hamda mehnat xavfsizligi qoidalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, talabalar dual ta’lim tizimi doirasida amaliy ko‘nikmalarni egallash, kasbiy malakalarini oshirish hamda kelgusida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishlari uchun zarur tajriba to‘plashdi. Bunday amaliy tashriflar oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


