Namangan Davlat Texnika Instituti Texnologik mashina va jihozlar yo‘nalishi 4-bosqich talabalari dual ta’lim jarayoni doirasida UzChasys korxonasiga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida talabalar korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik liniyalar va zamonaviy mashina-uskunalar bilan yaqindan tanishdilar.

Korxona mutaxassislari tomonidan talabalar uchun amaliy ko‘rgazmalar o‘tkazildi. Jumladan, detallarni mexanik ishlov berish, yig‘uv liniyalarining ishlash prinsipi, sifat nazorati tizimlari va ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan yangi texnologiyalar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Talabalar amaliy jarayonlarni o‘zlari kuzatib, ayrim texnologik operatsiyalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tashrifning asosiy e’tibori dual ta’lim tizimini samarali tashkil etishga qaratildi. Korxona rahbariyati tomonidan dual ta’lim uchun mavjud sharoitlar, talabalarga mo‘ljallangan amaliy ish o‘rinlari, mentorlik tizimi, kunlik amaliy mashg‘ulotlar mazmuni va ishlab chiqarish jarayonlariga integratsiya mexanizmlari haqida ma’lumot berildi. Tomonlar talabalarning amaliy ko‘nikmalarini chuqurlashtirish, nazariya va amaliyotni birlashtirish, ishlab chiqarish muhitida haqiqiy tajriba orttirish sharoitlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar.

Tashrif yakunida Namangan Davlat Texnika Instituti va UzChasys korxonasi o‘rtasida dual ta’lim hamkorligini mustahkamlash, 4-bosqich TMJ yo‘nalishi talabalari uchun muntazam amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish, har bir talaba uchun korxona tomonidan mentor biriktirish, o‘quv rejasini ishlab chiqarish ehtiyojlariga moslashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar dual ta’limni yanada takomillashtirish va korxona bilan uzluksiz hamkorlikni davom ettirishga qat’iy kelishib oldilar.