2025-yil 21-oktyabr kuni “UzChasys” MCHJ QK korxonasida Namangan Davlat Texnika Universiteti “Texnologik mashina va jihozlar” fakulteti 4-bosqich talabalari uchun amaliy-o‘quv tashrif tashkil etildi. Mazkur tashrif universitet va ishlab chiqarish korxonasi o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro hamkorlik memorandumi doirasida o‘tkazildi.

Tashrifning asosiy maqsadi — bitiruvchi talabalarni zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish mexanizmlari hamda muhandislik faoliyatining amaliy jihatlari bilan yaqindan tanishtirish, ularning kasbiy kompetensiyalarini oshirish va mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar sifatida shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida talabalar korxonaning ishlab chiqarish sexlari, montaj liniyalari va nazorat-sinov laboratoriyalari faoliyati bilan tanishdilar. “UzChasys” MCHJ QK mutaxassislari tomonidan korxona mahsulotlari sifatini ta’minlash, xalqaro standartlarga mos sertifikatlashtirish jarayonlari, ishlab chiqarish xavfsizligi va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Bundan tashqari, korxona muhandislari tomonidan talabalarning amaliy tayyorgarligini oshirish maqsadida seminar-trening o‘tkazildi. Unda ishlab chiqarishdagi avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, zamonaviy diagnostika uskunalari, hamda muhandislik tahlil metodlari bo‘yicha nazariy va amaliy ma’lumotlar berildi.

Tashrif yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va korxona mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar oldilar. Shu bilan birga, korxona rahbariyati va universitet vakillari o‘rtasida bitiruvchi talabalar uchun amaliyot o‘tash, ishlab chiqarish amaliyoti natijalarini baholash va istiqbolda kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur tashrif bitiruvchi talabalar uchun kasbiy yo‘nalishni aniqlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, va ishlab chiqarish jarayonlarini chuqur tahlil qilish nuqtayi nazaridan samarali o‘tdi. Tadbir natijalari o‘quv jarayonini ishlab chiqarish bilan integratsiyalash, talabalar amaliy bilimlarini mustahkamlash hamda ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.